Xabar berganimizdek, Hukumat qarori bilan “Tibbiyot tashkilotlarida retsept bilan beriladigan dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
❓Tizim qay tartibda ishlaydi?
🖥 Tibbiyot xodimlari tomonidan bemor ma’lumotlari tibbiyot tashkilotida joriy qilingan tibbiy axborot tizimiga kiritiladi hamda avtomatik tarzda “Elektron tibbiy karta” moduliga uzatiladi.
💻 Bemorga dori vositalari mazkur tibbiy axborot tizimida elektron retsept rasmiylashtirish orqali tayinlanadi. Elektron retseptga oid barcha ma’lumotlar bemorning elektron tibbiy kartasida avtomatik qayd etib boriladi.
❓Elektron retsept qanday tasdiqlanadi?
🔎 Retsept davolovchi shifokor tomonidan elektron tasdiqlash usullarida tasdiqlanib, QR kod avtomatik tarzda qo‘yiladi.
🔎 Bunda elektron retseptga oid zarur ma’lumotlar avtomatik tartibda “Elektron retsept” moduliga uzatiladi va Sog‘liqni saqlash vazirligining axborot tizimiga integratsiya qilingan dorixonalarda elektron shaklda ko‘rinadi.
❓ Dorilar kimlarga beriladi?
✅ Shu o‘rinda muhim talab: elektron retsept asosida tayinlanadigan dori vositalari O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak.
💊 Dorixonaning farmatsevt ma’lumotiga ega xodimi bemorga yoki bemorning qonuniy vakiliga elektron retseptda ko‘rsatilgan dori vositalarini qabul qilish vaqtini dori vositasining qadog‘iga belgilagan holda beradi va elektron retseptning dorixonaga taalluqli bo‘lgan qismini to‘ldiradi (dori vositasining nomi, yaroqlilik muddati va seriyasi, partiya raqami berilgan dori vositasiga mos bo‘lishi kerak).
🖥 Shifokorlarga o‘zlari tomonidan bemorga elektron retsept asosida tayinlangan va chakana realizatsiya qilingan dori vositalari harakatini kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.
❓ Qaysi holatlarda elektron retsept rasmiylashtirilishi taqiqlanadi?
➡️ bemorning amaldagi tashxis qo‘yish va davolash standartlari va klinik protokollarga muvofiq tibbiy ko‘rsatmasi bo‘lmagan holatlarda;
➡️ O‘zbekiston Respublikasida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan dori vositalariga;
➡️ narkoz vositasi sifatida ishlatiladigan dori vositalariga.
❓Nazoratni kim olib boradi?
🔎 Elektron retseptning tibbiyot tashkilotlarida to‘g‘ri yuritilishi Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan, uning dorixonalarda qo‘llanilishi Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi tomonidan nazorat qilinadi.
❓Istisno holatlar bormi?
❌ Mazkur Nizom alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlovchi dori vositalari muomalasiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
❓Bu tizimning afzalligi nimada?
✔️ Ushbu yangi tizim raqobat muhitini yaratib, shifokorlar tomonidan keraksiz dori-darmonlar yozib berilishi, shuningdek, davlat ro‘yxatidan o‘tmagan va aylanma yo‘llar orqali yurtimizga kirib kelayotgan dori vositalari sotilishining oldini oladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.


