“Davolash ishi” ta’lim yo‘nalishi 5+1 modeli asosida amalga oshiriladigan 6 yillik “Umumiy tibbiyot” ta’lim dasturiga transformatsiya qilinadi. Ushbu model 5 yillik nazariy va amaliy ta’lim hamda 1 yillik uzluksiz klinik amaliyotni o‘z ichiga oladi.
Kadrlar tayyorlash sifatini oshirish maqsadida ta’lim dasturlarini o‘zlashtirish bo‘yicha yagona talablar joriy etiladi. Xususan, shifokorlik mutaxassisliklari uchun minimal o‘tish balli 70 foiz, o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash yo‘nalishlari uchun esa 60 foizni tashkil etadi.
Shuningdek, to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish uchun minimal o‘tish ko‘rsatkichi kirish imtihonlaridan eng yuqori ballning kamida 60 foizi etib belgilanadi. Bakalavriat ta’lim dasturlariga qabul parametrlari sog‘liqni saqlash tizimining real ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda shakllantiriladi.
Ayni paytda tibbiyot oliy ta’lim muassasalari uchun talabalarning uzluksiz amaliy tayyorgarligini ta’minlaydigan o‘z yoki biriktirilgan klinik bazalarga ega bo‘lish bo‘yicha majburiy talablar belgilanadi.
Ta’lim jarayoniga dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillari hamda simulyatsiya markazlarida amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish tizimi majburiy tartibda joriy etiladi.
🚑 SSV Matbuot xizmati.


