Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi qon va qon yaratish tizimi kasalliklariga chalingan bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko’rsatish maqsadida yangi davolash va diagnostika usullari hamda yuqori texnologik amaliyotlarni o’z faoliyatiga tatbiq etib kelmoqda.
Bu borada xalqaro hamkorlikning ahamiyati katta. Bu haqda markaz direktori o’rinbosari Aziza Mahmudova quyidagilarni ma’lum qildi:
— Bemorlarga gematologik va Transfuziologik yordam ko’rsatish sifatini yaxshilash maqsadida jahonning bir qancha etakchi markaz va tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini yo’lga qo’yganmiz.
Jumladan, buning samarasi o’laroq, yaqinda Rossiyaning R.M.Gorbacheva nomidagi bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va transplantologiyasi instituti professori A.Yu. Polushin muassasamizga tashrif buyurib, autoimmun kasalliklar, revmatizm, tarqoq sklerozda autologik o’zak hujayralar transplantasiyasini amaliyotga tatbiq etish maqsadida 32 nafar bemorni ko’rikdan o’tkazib, maslahat berdi.
AQShning “Globomiks” kompaniyasi bilan hamkorlikda molekulyar-genetik laboratoriyani ISO va JCI standartlari bo’yicha akkreditasiyadan o’tkazishga tayyorgarlik ko’ryapmiz.
Shuningdek, Belarusning Minsk xirurgiya, transplantasiya va gematologiya ilmiy-amaliy markazi, Moskvadagi A.I.Vorobyov nomidagi gematologiya milliy tibbiy-tadqiqot markazi bilan xamkorlik shartnomalarini tuzdik.
Muassasa tinch okeani va Osiyo mintaqasi mamlakatlari suyak ko’migi transplantasiyasi tashkilotiga (APBMT) a’zo bo’lib, hamkorlikda ish olib borilyapti.
Bu erda tibbiy turizmni rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda muassasa faoliyati, yangi tashxislash va davolash usullari haqida ma’lumot beruvchi bukletlar, roliklar tayyorlanib, Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikiston davlatlariga tarqatildi. 2025 yilning birinchi choragida markazga 174 nafar chet ellik fuqaro murojaat etib, ulardan 157 nafari ambulator va 17 nafari stasionar sharoitda davolandi.
Kasalliklarni samarali diagnostika qilish va davolash maqsadida markaz infratuzilmasini yaxshilashga ham katta ahamiyat beryapmiz. Bu erda yil boshidan beri immunogistoximiya laboratoriyalari tashkil qilinib, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Markaz hovlisidagi 5 qavatli aseptik bino qurilishi ham yakunlandi.
Bu bino jahon standartlariga mos ravishda bunyod etilgan bo’lib, gematologik va onkogematologik xastaliklarga chalingan bemorlarda suyak ko’migi o’zak hujayralar transplantasiyasini o’tkazish imkonni beradi.
Markaz yilning birinchi choragida exokardiogramma, zamonaviy uzi Dopler, FISH-mikroskop, invertirlangan mikroskop, gibridizaytor, Nano Probe FISH, narkoz apparatlari, defibrillyator, jarrohlik stollari bilan qo’shimcha ta’minlangani ham bemorlarga ko’rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Hozirgi kunda Turkiya, Rossiya va Janubiy Koreya davlatlari mutaxassislari bilan birgalikda CAR-T hujayralar terapiyasini onkogematologiya amaliyotiga tatbiq etish va xorijiy hamda qo’shni davlatlardan bemorlarini jalb qilish bo’yicha ish olib borilyapti.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.