Xabar qilganimizdek, shu kunlarda Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan yurtimiz bo’ylab “Sog’lomlashtirish oyligi” o’tkazilmoqda.
Uning doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, kambag’allik reestriga kiritilgan aholi orasida kasalliklarni erta aniqlash va bemorlarni yashash hududining o’zida davlat hisobidan sog’lomlashtirish chorlari ko’rilyapti.
E’tiborli jihati, ushbu aktsiyada Quvayt davlatining “Al-amal” xalqaro jarrohlik guruhi ham o’z insonparvarlik missiyasi bilan ishtirok etmoqda. Bu — ikki davlat rahbarlari tomonidan yo’lga qo’yilgan va tobora mustahkamlanib borayotgan o’zaro do’stona hamkorlik aloqalarining amaliy natijasidir.
Yurtimizga tashrif buyurgan 40 nafardan ziyod eng malakali xorijlik mutaxassislar hozirgina Nukus shahriga etib keldi.
“Al-amal” xalqaro jarrohlik guruhi bir hafta mobaynida Qoraqalpog’iston Respublikasida bo’ladi.
Shu asnoda Orolbo’yi mintaqasida joylashgan tuman va shaharlarda ijtimoiy himoya reestriga kiritilgan, shu jumladan, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotini o’tkazishga muhtoj 300 nafarga yaqin bolalar, ayollar va erkaklar sog’lomlashtiriladi.
Xususan, bu erda tibbiyotning o’nlab yo’nalishi bo’yicha xayriya tarzida bajariladigan operasiyalar Respublika shoshilinch yordam ilmiy markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya, Onkologiya va radiologiya hamda ko’z mikroxirurgiyasi markazlarining mintaqaviy filiallari, shuningdek, Respublika ko’p tarmoqli kattalar va bolalar tibbiyot markazlarida o’tkazilishi belgilangan.
Buning uchun belgilangan manzillardagi tibbiyot muassasalarida zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.