Tibbiyot fanlari doktori, dosent Dilafruz Abdullaeva bu haqda batafsil ma’lumot berdi.
— So’nggi ovqat qabul qilishdan taxminan sakkiz soat o’tgach, organizmda hazm qilish, so’rilish jarayonlari tugaydi va tanamiz detoksikasiya rejimiga o’tadi, — deydi mutaxassis.
— Hozirda “detoks” atamasi tanani turli sharbatlar orqali tozalash bilan bog’liq bo’lsa-da, aslida, bu organizmimiz o’zidagi toksinlarni chiqarib tashlash uchun rasionimizdagi ozuqaviy moddalarni qo’llash orqali ishga tushiradigan biologik jarayondir.
Tanamizda jigar, buyraklar, teri va yo’g’on ichak kabi ko’plab detoksikasiya organlari mavjud. Zamonaviy hayotning toksik yukini hisobga olgan holda samarali ishlashi kerak bo’lgan tanani tabiiy tozalashning uchta bosqichi mavjud.
Birinchi bosqich. Detoksikasiyaning bu bosqichi jigarda sodir bo’ladi. U zararli yog’da eriydigan molekulalarni kamroq zararli birikmalarga aylantirishga yordam beradi va ular tanadan osonroq chiqariladi.
Ikkinchi bosqich. U ham jigarda sodir bo’ladi va kon’yugasiya jarayonini o’z ichiga oladi. Ya’ni moddalar suvda eruvchan va shuning uchun kamroq zararli holga keladi. Keyinchalik bu moddalar buyraklar va ichaklar orqali peshob va safro bilan chiqariladi.
Uchinchi bosqich. Bunda toksinlar yoki keraksiz birikmalar hujayradan detoksikasiya organlari: ichaklar, buyraklar, o’pkalar va teri orqali chiqarib tashlanadi.
Sog’lom turmush tarzi va to’g’ri ovqatlanish orqali bu tizimning yaxshi ishlashini ta’minlash mumkin.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.