
Gemodializ moddalardan zaharlanganda, organizmga mos qelmaydigan qon quyilgan hollarda qoʻllaniladi. G.da vena yoki arteriya qoni maxsus kapillyarli dializatordan oʻtkazilib, qon tarkibidan ortiqcha suv, siydikchil va b. keraksiz moddalar soʻrib olinadi. Surunkali buyrak yetishmovchiligida organizmni buyrakni koʻchirib oʻtkazishga tayyorlashda asosiy muolaja hisoblanadi. Oʻtkir buyrak yetishmovchiligida G. qoʻllash zararlangan buyrakka dam berib, soʻngra uning faoliyati tiklanishiga olib keladi.
Gemodializ — buyrak vazifasini bajaruvchi davo muolajasi bo’lib, muhtoj bemorlar hayotini saqlaydi. Mamlakatimizda nefrologiya hamda gemodializ xizmati holatini tahlil qilish, buyrak kasalliklarini erta aniqlash va dispanser nazoratini kuchaytirish, bu boradagi me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish bugungi kunda dolzarb hisoblanadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog’lig’ini saqlash masalalari qo’mitasi tomonidan o’tkazilgan davra suhbatida ushbu masalalar atroflicha muhokama etildi.
Tadbirda o’tgan yil mamlakatimizda sog’liqni saqlash sohasi uchun ulkan islohotlar yili sifatida tarixga kirgani ta’kidlandi. Xususan, yurtimizda 793 ta qishloq oilaviy poliklinikasi tashkil qilinib, ularda tor soha mutaxassislari faoliyati yo’lga qo’yildi, aksariyatida tez tibbiy yordam shoxobchalari hamda kunduzgi statsionarlar ochildi. Natijada joylarda aholiga ko’rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatining muayyan darajada yaxshilanishi va ularning ko’lami kengayishi ta’minlandi.
Shuningdek, xususiy tibbiyot muassasalari 400 taga ko’payib, ularning soni hozirgi paytda qariyb 4 mingtaga etdi. Tibbiy faoliyat turlari 50 tadan 126 tagacha ko’paydi. Bir qator soliq hamda bojxona imtiyozlari joriy etildi va “Asaka” banki huzurida Nodavlat tibbiyot muassasalarini rivojlantirish jamg’armasi tashkil qilindi. Bu kabi omillar sohaning yanada rivojlanishida muhim o’rin tutmoqda.
Ma’lumki, davlatimiz rahbarining 2017 yil 22 dekabrdagi parlamentga Murojaatnomasida aholiga tibbiy xizmat ko’rsatish hamda dori vositalari ta’minotini yanada yaxshilash, ushbu sohadagi qonunchilikni amaliyotga samarali tatbiq etish borasida ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi. Shundan kelib chiqqan holda, Qonunchilik palatasi tomonidan bu bo’yicha keng ko’lamli ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda. Joriy yilning yanvar-fevral oylarida qo’mita a’zolari tomonidan joylarda haqiqiy holatni o’rganish jarayonida hududlardagi gemodializ xizmati holati o’rganilgani buning amaliy ifodasidir.
Yig’ilishda respublika bo’yicha 3608 nafar bemor gemodializga muhtoj ekani, o’tgan yilda hududlarda buyrak etishmovchiligi yuzaga kelgan jami 3967 nafar bemorda gemodializ muolajalari o’tkazilgani aytib o’tildi. Bugungi kunda mavjud gemodializ uskunalarining 11 tasi ta’mirtalab holatda ekani ma’lum qilindi.
O’rganishlar natijasida aholiga ko’rsatilayotgan nefrologiya va gemodializ xizmati sifatini yaxshilash uchun barcha hududni soha mutaxassislari hamda gemodializ apparatlari bilan ehtiyojdan kelib chiqib to’liq ta’minlash, mavjud tibbiyot uskunalariga o’z vaqtida texnik xizmat ko’rsatish va gemodializ jarayonida foydalaniladigan sarflov materiallarini uzluksiz etkazib berish choralarini ko’rish lozimligi ishtirokchilar tomonidan qayd etildi. Shu bilan birga, buyrak kasalliklarini erta aniqlash, bunda aholining ushbu xastaliklar hamda ular asoratlarining oldini olish bo’yicha tibbiy madaniyatini yuksaltirish, nefrologiya va gemodializ xizmatining me’yoriy-huquqiy asoslarini takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.