Shifokor bo’lishga ahd qilgan yana bir iqtidorli qiz — Buxoro davlat tibbiyot institutining pediatriya fakulteti 6-bosqich talabasi Dilshoda Bahronova ham Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga munosib deb topildi.
Bobosi — bolalar jarrohi, buvisi — ginekolog, dadasi — ftiziatr, onasi — terapevt, ammasi — oftalmolog, amakisi — lor shifokori bo’lgan qizning oilasida dasturxon atrofida doim tibbiyotga doir qizg’in bahslar avj olardi.
— Rahmatli bobom: “tibbiyotning eng qiyin, ammo eng ko’p zavq beradigan yo’nalishi — pediatriya. Bu soha vakillari beg’ubor qalb egalari — jajji bemorlarga yordam berishadi. Shuning uchun “Sen Buxoroda eng zo’r pediatr bo’lishing kerak”, deb meni ruhlantirganlar. Ularning ishini qisman bo’lsa-da, davom ettirayotganimdan xursandman, — deydi Dilshoda.
Hozir 2 yashar bo’lgan qizi muddatidan oldin tug’ilgani uchun neonatologiya yo’nalishiga qiziqishi ortdi. Bu borada ko’p izlandi. Bunda ilmiy rahbari — pediatriya kafedrasi mudiri Shaxnoza Muxammedova uni qo’llab-quvvatladi va muvaffaqiyatlari sababchisiga aylandi.
Qahramonimiz bolalarning o’sishi va rivojlanishini baholovchi hamda onalarga tavsiyalar beruvchi mobil ilova yaratdi. “Happy and Healthy Child” nomli ushbu loyihasi uchun ishlab chiqilgan platformasi dasturiy mahsulotlar davlat reestrida ro’yxatga olindi va u mualliflik huquqini beruvchi guvohnomaga ega bo’ldi.
Dilshoda ayni paytda yana bir ixtiro uchun mualliflik huquqini olish harakatida. U yangi tug’ilgan chaqaloqlar uchun peshob yig’ish moslamasini yaratgan. Bu perinatal patologiyalarni erta tashxislashda yaxshi samara berishi mumkin.
Bundan tashqari, qahramonimiz Moskvada o’tkazilgan 2-xalqaro ilmiy tadqiqotlar tanlovida “eng yaxshi maqola” nominasiyasi bo’yicha 1-darajali diplom bilan taqdirlangan. Shu yili mamlakatimizda o’tkazilgan “XXI asr ayoli” respublika tanlovida ham g’olib bo’lgan.
2022 yilda u “Mirzo Ulug’bek vorislari” respublika tanlovida zafar quchdi. Unda maktabgacha ta’lim muassasalarida tibbiy ongni shakllantirish bo’yicha 52 ta darsdan iborat multiplikasion mashg’ulotlar loyihasini taqdim qilgandi.
— Loyihani Kogon tumanidagi 5 ta bog’chada ko’ngillilar guruhi bilan sinovdan o’tkazdik, — deya o’z g’oyasini tushuntirdi qahramonimiz. — Ikkitadan o’rta guruhlarni tanlab, mavsumiy kasalliklar avj olgan davrda birida mashg’ulotlar o’tkazildi, ikkinchisida esa yo’q. Asosan gigiena qoidalarini bolalarga tushunarli tilda etkazib berdik. Natijada birinchi guruhda xastalangan bolalar soni ancha kam bo’ldi. Kelgusida ushbu loyihani multfilm tarzida ishlab chiqishni niyat qilganman.
Dilshoda “yil talabasi – 2023” tanlovida “yilning eng ixtirochi-innovator talabasi” nominasiyasida, 2024 yil Rossiyada o’tkazilgan xalqaro “intellektual bilimdon” olimpiadasida pediatriya fanidan va Qozog’istonda bo’lib o’tgan “biz iqtidorli yoshlarmiz” tanlovida 1-o’rinlarni egallagan.
Shuningdek, u Gruziya, Italiya va Xitoyda o’tkazilgan xalqaro anjumanlarda maqolalari bilan ishtirok etdi.
Dilshoda tibbiyot xodimlari uchun 2 ta uslubiy qo’llanma yaratgan, xalqaro va mahalliy nashrlarda 30 dan ortiq maqolalari, 2023 yilda esa “Scopus” ma’lumotlar bazasida maqolasi ingliz tilida chop etildi.
Joriy yil boshida esa Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sohibasiga aylandi.
Qahramonimizning ilmiy ishi chaqaloqlarda invaziv muolajalarni kamaytirib, noinvaziv, ishonchli innovasion tashxisot usullarini yaratishga qaratilgan.
— Pediatriya sohasida o’rganilmagan jihatlar talaygina, — deydi u. — Niyatim — ularni amaliyotda tahlil qilish, bolalar orasida kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish. Chunki kichik yoshli bemorlar uchun har bir tibbiy muolaja — stress. Bolalar salomatligini asrash va tibbiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan loyihalar bo’yicha g’oyalarim hali ko’p.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.