Jahon sog’liqni saqlash tashkilotiga ko’ra, 14 iyun kuni butun dunyo bo’ylab “qon donorlari kuniga 20 yil to’ldi: donorlarga minnatdorlik bildiramiz” mavzusida aktsiya tashkil qilinadi.

Ma’lumotlarga ko’ra, 169 ta davlatda 13 300 ta qon markazlari mavjud, jami 79 ta davlatda milliy qon zahirasining 90% dan ko’proq qismi ixtiyoriy beg’araz donorlar evaziga to’ldiriladi.

Bu yil Butunjahon qon donorlari kuni 20-bora nishonlanar ekan, dunyo bo’ylab qon donorlariga yillar davomida insonlar hayotini saqlab qolganlari uchun minnatdorlik bildirish hamda donorlikning bemorlar va insoniyat uchun qanchalar muhim ekanini yana bir bor ta’kidlash imkoni tug’iladi. Bu, shuningdek, xavfsiz qon quyishni keng targ’ib qilish uchun yana bir fursatdir.

O’z o’rnida, Sog’liqni saqlash vazirligi ham mamlakatimizdagi barcha qon donorlariga minnatdorlik bildirib, ularning aholi salomatligini yaxshilash borasidagi yuksak fidoyiligini qadrlashini ta’kidlaydi.

Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.