Kuni kecha Hindistonning Uttar-Pradesh shtatida “Arogya-2024” III xalqaro ko’rgazmasi va konferentsiyasi bo’lib o’tdi.
Mazkur tadbir JSSTning xalq tabobatini ommalashtirish bo’yicha tavsiyalariga asosan Hindistonning AYUSH (ta’lim, tadqiqotlar va xalq tabobati tizimini ommalashtirishga mas’ul hukumat vazirligi) va Federal savdo-sanoat vazirligi tomonidan tashkil etildi.
Unda 60 dan ziyod mamlakatning 600 nafardan ortiq hukumat va tadbirkorlik sub’ektlari vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, Hindistonning tabobat sohasida 10 yildan 200 yilgacha tarixga ega bo’lgan 500 dan ortiq korxonalari o’z mahsulotlari va xizmatlaridan iborat ko’rgazmalari bilan qatnashdi.
Tadbirda O’zbekiston Sog’liqni saqlash vazirligi va uning qoshidagi Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi vakillari hamda 20 nafardan ortiq tadbirkorlar ham ishtirok etgani ahamiyatga molik.
Yurtimiz delegasiyasi Hindistonning AYUSH vazirligi huzuridagi Milliy Ayurverda instituti, unani tibbiyot markazi, Sidxa ilmiy-tadqiqot markazi, yoga sertifikasiya markazi va boshqa muassasalar bilan hamkorlik imkoniyatlari va istiqbollari yuzasidan qator uchrashuvlar o’tkazdi.
Muzokaralar natijasida ulug’allomamiz Ibn Sinoning bir qancha kitoblarini o’zbek tiliga tarjima qilish bo’yicha amaliy ishlar, ikki davlat tibbiyot oliy o’quv yurtlari o’rtasida talabalar almashinuvi va Hindistonning uzoq tarixga ega bo’lgan xalq tabobati yo’nalishidagi normativ-huquqiy hujjatlar asosida O’zbekistondagi bu boradagi hujjatlarni muvofiqlashtirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Ta’kidlash joizki, Hindiston AYUSH vazirligi tomonidan Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi vakillarining mazkur tadbirga taklif etilishi yurtimizda xalq tabobatiga oid me’yoriy-huquqiy bazani mustahkamlash, sohani zamonaviy tibbiyot bilan integrasiya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning e’tirofi hisoblanadi. Bu albatta, o’zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdagi muhim qadam bo’lib xizmat qiladi.
Sog’liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.